O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27-may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil yakunlari bo‘yicha xalqaro sayohatlar 89 foizga, ish o‘rinlari 74 milliontaga qisqarishi, sohadagi jami yo‘qotishlar 800 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Ma’lumki, joriy yil 16-martdan mamlakatimiz tashqi va ichki turistlar uchun yopilgan edi. Oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Bu gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, transport va boshqalar bilan qo‘shib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy ta’sir qildi.

Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida bu sohaga ham qator yengilliklar berildi. Jumladan, 1750 ta sub’ektga mol-mulk, yer va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard so‘mga yaqin imtiyoz taqdim etildi. Lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun esa pandemiya sharoitida ishlashga o‘rganish zarur.

Shu bois bu boradagi xorijiy tajriba o‘rganildi. Xususan, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“O‘zbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.

Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha taqdimot qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishildi.

Prezidentimiz birinchi bosqichda “yashil” hududlar o‘rtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligini ta’kidladi. Tog‘li joylar va ko‘l bo‘ylarida yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Hokimlar bilan birgalikda ko‘chma dam olish maskanlari dislokatsiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar ro‘yxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi ta’kidlandi.

Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob bo‘lishi kerak. Belgilanadigan me’yorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun yetarli bo‘lishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat bo‘lmaydigan tizim ishlab chiqish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turizm yo‘nalishida tadbirkorlar ko‘rgan zararni yaqin 1-2 yil ichida to‘liq qoplash qiyin. Shu bois Prezidentimiz bu sohaga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish lozimligini ta’kidladi.

Xususan, turistik yig‘imlardan ozod qilish bo‘yicha avval berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, soha korxonalari foyda solig‘ini hisoblashda 2020-2021 yildagi ko‘rgan zararlarini keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi.

Mehmonxonalarga ko‘rsatgan xizmatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga aylanma mablag‘ uchun kredit foiz to‘lovlarining 10 foizigacha bo‘lgan qismiga subsidiya beriladi.

Raqobat – iqtisodiyotning muhim asoslaridan biri. U mahsulot va xizmatlarda sifatni ta’minlab, aholiga tanlov imkoniyatini yaratadi. Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish va monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralardan maqsad ana shu.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida hamda unga muvofiq 2019-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida shu borada aniq vazifalar belgilangan edi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 2965 ta davlat ishtirokidagi korxona mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlamoqda. Ushbu korxonalarning yarmidan ko‘pi hatto dividend to‘lash imkoniga ega emas.

2019-yil 11-dekabr kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu korxonalarni bozor prinsiplari asosida isloh qilish, xususiy investorlarga sotish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shundan kelib chiqib, respublika bo‘yicha yalpi xatlov o‘tkazildi.

Yil boshidan beri 299 ta davlat aktivlari 348 milliard so‘mga sotildi. Yangi investorlar ushbu obyektlarga jami 3,3 trillion so‘m investitsiya kiritib, 4700 nafar yangi ish o‘rinlari yaratish majburiyatini olgan.

Xususan, sobiq “Chorsu” mehmonxonasi, “Samarqandkimyo” korxonasi, “O‘zbekiston” mehmonxonasidagi davlat ulushi, Qo‘ng‘irot soda zavodi sotildi. Bu obyektlarga 425 million dollar investiysiya kiritilib, 800 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Taqdimotda davlat aktivlarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan obyektlar va yer maydonlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanish, davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishga doir rejalar haqida ma’lumot berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentimiz sohadagi ishlarni davom ettirib, yana 1400 ga yaqin davlat aktivlarini xususiy investorlarga berishni tezlashtirish zarurligini ta’kidladi. Vazirlar Mahkamasiga xususiylashtirish dasturini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tarmoq rahbarlari bilan birga unumsiz ishlayotgan 711 ta korxonani tugatish, 262 tasini qayta tashkil etish, shuningdek, 500dan ziyod bozorlarni xususiy sektorga berish bo‘yicha yo‘nalishlar aniqlandi. Davlat ixtiyorida saqlab qolinadigan korxonalarni boshqarish va isloh qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etish muhimligi qayd etildi.