Foto: O’zA

Axborot tizimining maqsadi o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, fanlarga oid qo‘shimcha materiallar bilan ta’minlab borish, egallagan bilimlarini baholash, natijalarni onlayn monitoring qilish uchun imkoniyat yaratishdan iborat.

Onlayn olimpiadalar 4-11-sinf, akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan tashkil qilinadi. O‘quvchilar olimpiadada bepul va ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi mumkin. Buning uchun ishtirokchilar olympiad.uzedu.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishi va tahsil olayotgan ta’lim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi. Onlayn olimpiadalarni fanlar bo‘yicha o‘tkazish jadvali olympiad.uzedu.uz veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Onlayn olimpiada topshiriqlari murakkablik darajasi turlicha bo‘lgan 20 ta test savolidan iborat bo‘lib, topshiriqlarni bajarish uchun o‘quvchilarga bir soat vaqt ajratiladi.

Onlayn olimpiada Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli yoshlar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli yoshlar bilan ishlash departamenti mutaxassisi Nodirbek Xoliqulov shunday deydi:

-2020 yil “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“ deb e’lon qilinishi mamlakatimizda ta’lim sohasiga katta e’tibor berilayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bu yil matematika, biologiya, kimyo va geologiya sohalarini rivojlantirish maqsad qilib qo‘yildi. Yangi joriy qilingan onlayn olimpiadalar axborot tizimi ilm-fan rivojiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan iqtidorli yoshlarni aniqlash imkoniyatini yaratadi.Umid qilamizki, onlayn olimpiadalarni tashkil etish yoshlarning yurtimizda islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrug‘ini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Ma’lum o’rnida, onlayn olimpiadalar bir yilda 4 marotaba o‘tkaziladi.