O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik doirasida, shuningdek O‘zbekistonda Covid-19 tarqalishining oldini olish va unga barham berishga ko‘maklashish maqsadida navbatdagi insonparvarlik yordamini jo‘natdi.

Foto: Dunyo

20 ta yarim avtomatik mexanizmli va ko‘p funksiyali tibbiy krovatdan iborat insonparvarlik yordami Janubiy Koreyaning “Myung Sung Placon Co., Ltd” kompaniyasi ko‘magida tashkillashtirildi va “Uzbekistan Airways” AJning yuk tashish charter reysi bilan O‘zbekistonga jo‘natildi.

Mamlakatimiz diplomatik missiyasi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojlari uchun koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan insonparvarlik yordami, birinchi navbatda, yuqori texnologiyaga ega tibbiy asbob-uskunalar (ko‘tarib yurishga qulay ko‘chma rentgen uskunalari, shprits nasoslari va boshqa qo‘shimcha jihozlar)ni keng ko‘lamda jalb qilishni izchil davom ettirmoqda.

Umumiy og‘irligi taxminan 15 tonna bo‘lgan 126 ming dollarlik insonparvarlik yordamining qolgan qismi navbatdagi yuk tashish charter reysi bilan jo‘natiladi.

Eslatib o‘tamiz, 23-may kuni ham O‘zbekistonga Janubiy Koreyaning “Suwan TPL” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 ta yarim avtomatik mexanizmli va ko‘p funksiyali tibbiy krovat yetkazib berilgan edi.

Insonparvarlik yordami ortilgan havo layneri Toshkentga bugun yetib keladi.