O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Nazorat-huquqiy xizmati va Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi hamkorlikda Toshkent viloyati, Bo‘ka tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Xonto‘rayevni xalq ta’limi muassasalari faoliyatiga asossiz aralashuvi, pedagog kadrlarning sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, mehnatga majburlash, ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilgani uchun 22,3 mln. so‘mga jarimaga tortdi.

Bo‘ka tumani hokimining o‘rinbosari tomonidan tumanda joylashgan ta’lim muassasalari rahbarlariga obodonlashtirish hamda tomorqa ishlari bo‘yicha xatlov o‘tkazish kabi topshiriqlar berilgan.

Xususan, A. Xonto‘rayev joriy yilning 19-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-sonli qaroriga zid ravishda tumandagi 12-umumta’lim maktabida 53 nafar ta’lim muassasasi rahbarlari va mahalla faollariga yig‘ilish o‘tkazib, 12-maktab direktori M.Xakimovaning o‘z vaqtida tomorqa bo‘yicha aholini xatlov qilmaganligi uchun uning kasbiy faoliyatiga asossiz aralashib, unga tazyiq o‘tkazib, barchani oldida izza qilib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, huquqlarini poymol etib undan tuman hokimi nomiga tushuntirish xati va joriy yilning 20 aprel kunidan ishdan bo‘shash to‘g‘risida arizasini olgan.

Bundan tashqari, 2020-yil 6-7 may kunlari hokim o‘rinbosari A.B. Xonto‘rayev tumanda faoliyat yuritayotgan 15-, 16-, 18-, 24-, 50-umumta’lim maktab direktorlariga tazyiq o‘tkazib, tuman markazidagi “Yoshlar maydoni”ga direktorlar va xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarini ya’ni 25 kishini maydonda o‘sgan o‘tlarni o‘rish kabi majburiy mehnatga jalb qilgan.