Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Superligasining 4-tur uchrashuvlari 5-iyun sanasidan boshlab davom ettirilishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston proffesional futbol ligasi bu xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: Google

Xabarda aytilishicha, bunga O‘zPFL tomonidan Superliga klublari bosh murabbiylariga muhokama uchun yuborilgan ishchi taqvim asos bo‘lgan.

Pandemiya sabab mamlakatimizda futbol uchrashuvlari to`xtatilgan hamda uning rasman qachondan boshlab davom ettirilishi aniq emas. Shundan kelib chiqib, ko`plab mamlakatlar futbol ligalari kabi O`zPFL ham turli ko`rinishda rejalar tuzadi. Bosh murabbiylarga taqdim etilgan reja ularning fikrini o`rganish uchun bo`lib, bunda murabbiylar iyul oyida ham rasmiy o`yinlar bo`lib o`tishi mumkinligidan har ehtimolga qarshi ogohlantirilgan, bu borada ularning fikrlari tinglangan. Qolaversa, reja rasmiy xat asosida klublarga chiqarilmay, bosh murabbiylarni o`zida jamlagan messenjer guruhida muhokama qilingan.

O`zPFL karantin davrida futbol klublarining mashg`ulotlarini qayta tiklash hamda rasmiy uchrashuvlar o`tkazish bo`yicha O`FA hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan hamkorlikda yo`riqnoma ishlab chiqqan. Ayni vaqtda biz Maxsus komissiyaning mazkur yo`riqnoma asosida mashg`ulotlaga ruxsat berishi masalasini kutmoqdamiz. Mavjud sharoitdan kelib chiqib, O`zPFL sog`liqni saqlash yuzasidan amalga oshirilayotgan mashaqqatli ishlarni qo`llab-quvvatlaydi hamda karantin qoidalariga qat`iy rioya qilish kerak deb hisoblaydi. Insonlar salomatligi eng oliy ne`mat. 

Shunday ekan, turli ko`rinishdagi rejalar ishlab chiqilishda davom etiladi, ular bosh murabbiylar, klublar rahbarlari, sog`liqni saqlash tizimi mutaxassislari bilan muhokama etiladi. Unga qadar O`zPFL rasmiy sahifalarida ko`rinish bermagan har qanday ma`lumot rasmiy maqomga ega emasligini ma`lum qilamiz“, – deyiladi xabarda.