Avval xabar qilganimizdek, “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident Farmoni (PF–6000-son, 26.05.2020 y.) qabul qilindi.

Foto: Huquqiy axborot

Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:

  • konsert-tomosha faoliyatini lisenziyalash, lisenziatlarning davlat reestrini yuritish, ularning faoliyati va erishgan natijalari haqidagi axborotlarni kiritib borish Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portali orqali amalga oshiriladi;
  • konsert-tomosha tadbiriga bir martalik ruxsatnoma berish uchun undiriladigan yig‘im bekor qilinadi;
  • davlat organlari va tashkilotlarining tashabbuslari bilan o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari har yili tasdiqlanadigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar’ rejalari asosida o‘tkaziladi;
  • Prezident, Hukumat va hokimning davlat tadbirlarini o‘tkazishni nazarda tutuvchi qarorlarida ushbu tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar buyurtmachilari va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatiladi;
  • davlat organlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar xizmat ko‘rsatganda yozma va haq evaziga shartnoma tuziladi (konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi davlat muassasalari xodimlari bilan tuziladigan mehnat shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bundan mustasno).