83 yosh kirgan ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U qasddan odam o‘ldirganlikda (Jinoyat kodeksi, 97-modda) ayblanmoqda. Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov mazkur xabarni tasdiqlar ekan, jinoyat 31 yil burun sodir etilganini alohida qayt etdi.

Foto: Google

Unga ko‘ra, shu yilning 23-may kuni Zangiota tumani istiqomat qiluvchi fuqaro Z.G. yashash hovlisidagi eski omborxonani buzib, o‘rniga hojatxona qurish uchun chuqur qazigan vaqtda odam skeletiga xos bo‘lgan suyaklar topilgan.

U mazkur xonadonni 1989-yilda Y.M. ismli ayoldan sotib olgani aniqlanadi. Hamma gap hovlining eski egasida ekan. Chunki, surishtiruv jarayonida Y.M. (1937-y.t.) qilmishidan pushaymon bo‘lib, aybiga iqror bo‘ldi. Uning tan olishicha, 1989-yilda o‘zi bilan birga yashab kelgan R.Sh.ni (marhum ayoldan 20 yosh kichik ekani aytiladi) qasddan o‘ldirib, hovliga ko‘mib yuboradi. Oradan ko‘p o‘tmay hovlini sotadi.

Yoshi bir joyga borgan ayolga qanday jazo berilishi mumkin?

Ayni paytda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom etmoqda.