“Salomatlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida” Qonun (O‘RQ-620-son, 26.05.2020 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Foto: Google

Qonun bilan “Salomatlik” ordeni ta’sis etildi hamda orden to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, “Salomatlik” ordeni bilan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini yaxshilash hamda ushbu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi.

Orden bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

“Salomatlik” ordeni ikki darajadan iborat bo‘ladi.

Mukofotlash, qoida tariqasida, quyidagi tartibda: avval II darajali orden, oradan kamida 3 yil o‘tganidan keyin I darajali orden bilan taqdirlash tarzida amalga oshiriladi.

  • I darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar BHMning 30 baravari miqdorida, II darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar BHMning 25 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi.
  • I va II darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.

Shuningdek, “Sog‘lom turmush” medalini ta’sis etish to‘g‘risida” Qonun (O‘RQ-621-son, 26.05.2020 y.) Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan “Sog‘lom turmush” medali ta’sis etildi va medal to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

“Sog‘lom turmush” medali bilan aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qo‘shgan hissasi uchun sog‘liqni saqlash muassasalari shifokorlari, OAV vakillari va blogerlar, fuqarolar, namunali oilalar va sportchilar va boshqa shaxslar mukofotlanadilar.

Medal bilan mukofotlangan shaxslar BHMning 10 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti oladi va qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.