Foto: Google

​O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, shuningdek, turli tabiiy ofatlar, favqulodda holatlar tufayli el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda mavjud xavf-xatarlarga qarshi kurashda, ularning oqibatlarini bartaraf etishda mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, milliy qadriyat va an’analarimizni munosib davom ettirib, mehr-oqibat, saxovat, himmat va olijanoblik fazilatlarini ulug‘lab kelayotgan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga beminnat ko‘mak berish borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga ko‘tarishga katta hissa qo‘shgan, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, birlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashda faol ishtirok etib, beg‘araz homiylik yordami hamda ezgu ishlari bilan ko‘pchilikka alohida o‘rnak bo‘layotgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida:

1. “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.

2. Quyidagilar:

“Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

“Mehr-saxovat” ko‘krak nishonining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Mehr-saxovat” ko‘krak nishonlari va ularning guvohnomalarini belgilangan tartibda tayyorlanishini ta’minlasin.

4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining
Prezidenti Sh. Mirziyoyev