Bugun AQShda tarixiy kun. “SpaceX” kompaniyasining “Falcon 9” raketasi uchiga o’rnatilgan “Dragon” kapsulasida ikki amerikalik astronavt Xalqaro fazo stansiyasiga uchadi.

Foto: Vashington kundaligi

2011-yildan beri AQSh ilk marta o’z hududidan kosmosga fazogir uchirmoqda. Bu ishning xususiy kompaniya tomonidan amalga oshirilishi esa insoniyat tarixida birinchi marta amalga oshmoqda.

2011-yildan bugungacha AQSh o’z fazogirlarini Rossiya kosmik kemasida uchirib kelayotgan edi. Buning uchun har bir odam uchun 80 million dollar to’langan. Rossiya shu yo’l bilan 2011-yildan beri AQShdan 4 milliard dollar mablag’ olgan. Agar “SpaceX” missiyasi muvaffaqiyatli amalga oshsa, bundan buyon AQSh yana o’z hududidan fazogirlarni kosmosga uchirish imkoniyatiga ega bo’ladi.

AQShning NASA agentligi olti yil oldin kosmosga odam uchirish dasturini tarixda ilk bor xususiy kompaniyalarga topshirgan edi. Buning uchun”SpaceX”ga $3,4 mlrd., “Boeing” kompaniyasiga esa $4,8 mlrd. mablag’ berilgan. Ularning har biri bir-biridan mustaqil ravishda fazoga odam uchiradigan raketa yaratish ustida ish boshlagan. “SpaceX” birinchi bo’lib bu ishni bajardi. Ko’proq mablag’ olganiga qaramay, “Boeing”ning “Starline” kosmik kemasi haligacha tayyor bo’lgani yo’q.

“SpaceX” mashhur milliarder ishbilarmon Ilon Maskka tegishli. Uning elektromobillar ishlab chiqaruvchi “Tesla”, yerosti tunnel yo’llarini qazuvchi “Boring Company”, “Neuralink” nevotexnologiya korporatsiyasi va sun’iy intellekt ustida ishlovchi “OpenAI” kabi yana ko’plab kompaniyalari bor.