Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Foto: Xalq so’zi

Tadbirda Investitsiya dasturining joriy yil dastlabki to‘rt oyidagi ijrosi tahlil qilinib, prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarish, jumladan, yirik ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarini foydalanishga topshirish chora-tadbirlari muhokama etildi.

2020 yilgi Investitsiya dasturiga 3 mingdan ortiq loyiha kiritilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish uchun 235 trillion so‘mlik investitsiyalar, jumladan, 7 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirilishi belgilangan.

26-may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, metallurgiya komplekslari va 2 ta mis boyitish fabrikasi barpo etish orqali mis va oltin ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mis ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 400 ming tonna, oltin – 50 tonna va kumush 270 tonnagacha yetkaziladi.

Zargarlik va elektr texnikasi kabi tarmoqlar bundan foydalanib, ishlab chiqarish hajmi va ish o‘rinlarini ko‘paytirishi zarurligi qayd etildi.