Britaniyalik yozuvchi Joan Rouling “Twitter”da joriy yil noyabr oyida bolalar uchun mo‘ljallangan “The Ickabog” (“Ikabog”) nomli yangi kitobini chiqarishini e’lon qildi.

Foto: Google

Yozuvchi o‘n yil muqaddam yozilgan mazkur asarning Garri Potter va boshqa asarlari bilan aloqasi yo‘qligini aytib o‘tgan.

“Doimo bu ertakni chop etishni xohlaganman, lekin oxirgi Potterdan so‘ng kattalar uchun mo‘ljallangan ikkita roman ustida ishlaganman, shuning uchun ularni oldinroq chiqarishga qaror qildim. Yaqin vaqtlargacha “The Ickabog”ni faqat mening yosh bolalarim tinglashardi”, — dedi yozuvchi.

Roulingning so‘zlariga ko‘ra, kuzgacha bolalar va ota-onalar karantinda vaqtlarini maroqli o‘tkazishlari uchun har hafta asarning boblari nashr uchun bag‘ishlangan saytga bepul joylab boriladi. Dastlabki ikki qismini kitobxonlar o‘qishi mumkin.

So‘ngra kitob chop etiladi, shuningdek, audio shakli ham chiqariladi.

Sujeti haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Yozuvchining o‘zi bu asar “haqiqat va hokimiyatni suiiste’mol qilish haqida ekanligiga” ishora qilgan.