Bugungi kunga qadar 1280 nafar yurtdoshimiz BAAdan charter reyslar orqali Vatanga olib kelindi.

Foto: Dunyo

Mamlakatimizning Dubaydagi Bosh konsullxonasi vakillari charter reyslarga fuqarolar ro‘yxatini tuzishda jiddiy kasal va homilador ayollarga, 55 yoshdan oshganlarga, bolali oilalarga, talabalarga, mart oyiga aviachiptalarni olgan fuqarolarga alohida eʼtibor qaratdi.

Joriy yil 26-martdan buyon 2700 dan oshiq vatandoshimiz O‘zbekistonga qaytishda yordam so‘rab, Bosh konsulxonaga murojaat qilgan. Murojaatlar ayni daqiqalarda ham davom etmoqda.

15-martdan beri 400 dan ortiq yurtdoshimiz diplomatlar ko‘magida Dubay mehmonxonalari va yotoqxonalarida joylashtirildi. Ular kuniga ikki-uch mahal issiq ovqat bilan taʼminlanmoqda.

Bundan tashqari 1000 nafarga yaqin vatandoshimizga oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar yetkazib berildi.

O‘z navbatida Bosh konsulxona BAAda ishlayotgan o‘zbekistonlik shifokorlar va tibbiyot xodimlariga bepul maslahat hamda dori-darmonlarni yetkazib berishda ko‘rsatgan yordam uchun minnatdorlik bildiradi.

Maʼlumot uchun, 26-may holatiga ko‘ra BAAda 30,307 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.  15,657 bemor to‘liq sog‘aygan, 248 kishi esa vafot etgan.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 5,5 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 346 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.