– “So‘nggi 14 kunni tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan davrda 17 ta charter reyslar bilan olib kelingan 4056 nafar, chegara o‘tkazish postlari orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelgan 11 216 nafar hamda muloqotda bo‘lganlar bilan birgalikda hisoblanganda jami 20 035 nafaro fuqarolar stasionar karantinga olingan“, – deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Baxromjon Igamberdiyev. – Shu davrda mamlakatimizda 734 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, shundan 283 nafari Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi Karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasidan tasdiqlandi.

Tahlillarga ko‘ra, xorijdan charter reyslar bilan olib kelinganlar orasida eng ko‘p kasallanganlar 14-may kuni Sankt-Peterburg shahridan olib kelingan fuqarolarda aniqlanib, 86 nafarni tashkil etdi.

Chegara o‘tkazish postlari orqali kirib kelganlar orasida eng ko‘p kasallanish holati esa Qozog‘iston Respublikasidan “G‘ishtko‘prik” chegara postidan kirib kelgan fuqarolar orasida aniqlandi. Ularning soni 99 nafar.

“E’tiborli jihati, xorijdan charter reyslari bilan olib kelinayotgan, chegara o‘tkazish postlari orqali yurtimiz hududiga kirib kelayotgan, shuningdek, kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar sanitariya-epidemiologik talablarga qat’iy rioya etilgan holda karantin muassasalariga joylashtirilmoqda”, – deya so‘zida davom etadi Baxromjon Igamberdiyev. – Shaxsiy gigiyenik va bir martalik vositalar bilan ta’minlanib, muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Shu o‘rinda unutmaslik kerakki, ayni paytda davlat byudjetidan stasionar sharoitda tibbiy kuzatuvda bo‘lgan har bir fuqaroning bir kuni uchun o‘rtacha 153 ming 700 so‘m sarflanmoqda. 14 kunlik karantin kuzatuvi muddati davomida kasallik aniqlanmagan va karantin muassasasida kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lmagan fuqarolar maxsus ajratilgan transport vositalarida o‘z manzillariga yetkazib qo‘yilmoqda. Umuman olganda, stasionar karantinga olishdan tortib, karantin muddati tugagach, fuqarolarni o‘z uylariga yetkazib qo‘yishgacha bo‘lgan barcha xarajatlar davlat byudjetidan to‘liq qoplanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, stasionar va uy karantiniga olish tadbirlari boshlangan ilk kunlardan ayni paytga qadar karantinga olingan jami 394,181 nafar fuqarodan 348,292 nafari karantindan chiqarilgan. Shundan, uy karantiniga olingan 305,044 nafar fuqarodan 280,006 nafari chiqarilgan. Stasionar karantinga olingan 89,137 nafar fuqarodan esa 68,286 nafari chiqarilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishdagi keng qamrovli cheklov tadbirlari (karantin)ni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik uchun Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va Respublika maxsus komissiyasining barcha a’zolariga chuqur minnatdorchilik bildiradi, deyiladi SSV axborot xizmati xabarida.