Koronavirus pandemiyasi cho’qqiga chiqqan aprel oyida Amerikaning xususiy tibbiyot sektorida 1,4 million odam ishdan bo’shatilgan.

Foto: RIA novosti

Bu qanday ro’y berdi?

Pandemiya boshlanishi bilan kasalxonalar koronavirus bemorlari uchun sharoit hozirlash maqsadida zaruriy bo’lmagan jarrohlik amaliyotlari va boshqa tibbiy xizmatlarni to’xtatgan. Koronavirus bemorlari davolanayotgan kasalxonalarga odamlarning boshqa maqsadlarda borishi keskin kamayib ketgan.

Ayniqsa, kichikroq kasalxonalar jiddiy moliyaviy muammolarga duch kela boshlagan. Chunki butun tibbiyot tizimi asosiy e’tiborini koronavirusga qarshi kurashga qaratgani bois boshqa sohalardagi tibbiyot xodimlariga ehtiyoj va ish kamayib ketgan. Natijada aprel oyining o’zida Amerika bo’ylab 1,4 million tibbiyot xodimi – doktorlar va hamshiralar ishdan bo’shatilgan.

Bevosita koronavirusga qarshi davolash ishlarida qatnashgan tibbiyot xodimlari orasida ham ishsiz qolayotganlar bor. Chunki kasallar soni kamayishi ortidan davolash xonalari va xodimlar soni qisqartirilmoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 5,5 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 346 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.