Hafta boshidan Oʻzbekistonga kirib kelgan issiq ob-havo COVID-19 faolligini szilarli darajada kamaytirishi mumkin, dedi Sogʻliqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti xodimi Xayrulla Mustafayev.

Foto: RIA novosti

“Oʻzbekistonda havo harorati moʻʼtadil yuqori darajalarga yetmoqda. Bunday sharoitda virus rivojlana olmaydi”, – dedi Mustafayev “Pravda Vostoka” nashriga. 

Mutaxassis fikriga koʻra, koronavirus 5-8 daraja issiqlikda va 60%dan kam boʻlmagan namlikda yashashi mumkin. Shu sababli virus namlik yuqori boʻlgan Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarida paydo boʻlib rivojlangan. 

“Bizda esa, quruq va issiq ob-havo. Umuman barcha shamollash kasalliklari issiq havo kelishi bilan chekina boshlaydi”, – deydi virusolog. 

Ushbu hafta boshidan Oʻzbekiston hududida ob-havo harorati kunduzi 36-39 darajagacha koʻtarila boshladi, shimoliy va choʻl hududlarida esa 40-41 darajaga yetishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda COVID-19 bilan kasallanishning birinchi holati 15-mart kuni Frantsiyadan qaytgan fuqaroda aniqlangan edi. Bugungi kunda Respublikada kasallanganlar soni 3281 kishini tashkil qilmoqda.