O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev, jumladan, shunday dedi:

– Keyingi kunlarda koronavirus bilan kasallanganlar soni respublikamizda ham ko‘payganligi qayd etilmoqda.

Aytish kerakki, aksariyat hudud va korxona rahbarlari, fuqarolarimiz karantin choralarining yumshatilganini “kasallik tugadi” deb, noto‘g‘ri qabul qilmoqdalar.

Bugungacha chet eldan olib kelingan fuqarolarimiz soni 47 mingtani tashkil etmoqda. Afsuski, ularning, ayniqsa keyingi ikki hafta davomida kirib kelganlarning aksariyatida koronavirus aniqlangan.

Bemorlarning qariyb 50 foizini ham xorijdan kelgan fuqarolar tashkil etadi.

Keyingi 10 kunda 3,5 ming odam havo yo‘llari, 7 mingga yaqin vatandoshimiz chegara postlari orqali yurtimizga kirib kelishi kutilyapti. Bunga qo‘shimcha yana 100 ming nafardan ortig‘i O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, navbat kutmoqda.

Fuqarolarimiz qaytib kelayotgan davlatlar hamda qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatning og‘irligini hisobga olib, xotirjamlikka berilish mumkin emas.

Bugungi kunda 40 ta tuman (shahar) “qizil”, 45 tasi “sariq” hudud sifatida qolmoqda. Eng tashvishlisi, o‘tgan 10 kunda aholi o‘rtasida kasallanganlar soni ham oshib bormoqda. Jumladan, Navoiyda 57 ta, Samarqandda 73 ta, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 114 ta shunday holat aniqlangan.

Ayniqsa, bozorlar, savdo komplekslari, banklarda ijtimoiy masofaga amal qilmaslik, ko‘cha-ko‘yda tibbiy niqob taqmaslik, bemalol va xotirjam bo‘lib, uylarda turli tadbirlar o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.

Bunday salbiy holatlar kasallikni aniqlash, oldini olish va davolash uchun qilayotgan barcha harakatlarimiz, byudjetdan olinayotgan trillionlab xarajatlarimiz natijadorligini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Respublika komissiyasi viloyat hokimlari bilan birga bir kun muddatda epidemiologik vaziyat yomonlashgan hududlarning toifasini qayta ko‘rib chiqsin hamda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha taklif kiritsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi “qizil” va “sariq” hududlarda kunlik test olish sonini oshirishi lozim. Bunda tibbiyot muassasalari, bozorlar, banklar va aholi ko‘p joylarda nazorat testlar olishni ko‘paytirsin.