“Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Hukumat qarori (326-son, 23.05.2020 y.) qabul qilindi.

Foto: O’zA

Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari (Nuroniylar kengashi) tashkil etiladi.

Qaror bilan Nuroniylar kengashining bir qator asosiy vazifalari belgilandi.

Jumladan, Nuroniylar kengashi keksalarni qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlashga ko‘maklashadi, shuningdek yolg‘iz keksalar, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan nuroniylarning muammolarini kompleks o‘rganib, bu borada takliflar ishlab chiqadi.

Nuroniylar kengashi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tegishli hududiy bo‘linmasi rahbari qarori bilan tashkil etiladi.

Nuroniylar kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.

Qaror bilan Nuroniylar jamoatchilik kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.