Avvalroq, Xiaomi korporatsiyasining arzon subbrendi o‘zining eng arzon 5G smartfoni – Redmi K30i (yoki Redmi K30i 5G) modelini taqdim etgan edi. Lekin beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ida ishlovchi, narxi unikidan ham past bo‘lgan telefonni Huawei namoyish qildi.

Huawei Enjoy Z 5G nomini olgan yangi qurilma ayni damda dunyodagi eng arzon 5G-telefon bo‘lishdan tashqari, xitoylik gigantning o‘z ishlanmasi – Kirin chipseti qo‘llanmagan yagona 5G-smartfoni hamdir. Uni tayvanlik chipsoz – MediaTek kompaniyasining Dimensity 800 protsessori bazasida tayyorlashgan.

Smartfon displeyi 6,5 dyuymlik, tasvir aniqligi esa 2400×1800 pikselga teng. Unda kadr yangilanish chastotasi 90 gerslik, sensor qatlamining yangilanish chastotasi esa 180 gersga teng. Ekran tepasida 16 megapiksellik selfi-kamera uchun tomchisimon kemtik mavjud.

Huawei Enjoy Z 5G bosh kamerasi sun’iy idrokka va uchta modulga ega: 48 megapiksellik asosiy datchik (f/1.8), keng burchakli 8 MPlik sensor (f/2.4) hamda 2 MPlik makrokamera (f/2.4).

Huawei bu gadjetini Dark Blue, Sakura Snow Clear Sky hamda Magic Night Black rangli korpuslarda, 1 iyundan sota boshlaydi. Tezkor/ichki xotirasi 6/64 gigabaytlik Enjoy Z 5G uchun kompaniya o‘z yurtida atigi 238 dollarga teng narx belgilagan. Xotirasi 6/128 gigabaytligi uchun 266 dollar so‘ralayotgan bo‘lsa, 8/128 gigabaytligi 308 dollar turadi.