Foto: Google

Qarorga muvofiq, yer uchastkalaridagi tashqi reklama obyektlari uchun 10 yil muddatga, davlat mulki boʻlgan bino va inshootlardagi tashqi reklama obyektlari uchun 5 yil muddatga DXMlar orqali reklama joylari pasportlarini berish bir martalik yigʻim summasini toʻlash orqali amalga oshiriladi.

Yer uchastkasiga oʻrnatilgan video ekranli tashqi reklama obyektlari uchun koʻrsatilgan muddat qoʻshimcha 10 yil muddatga uzaytiriladi.

Hozirga qadar qonuniy oʻrnatilgan tashqi reklama obyektlarini mazkur qaror talablariga moslashtirish uchun 6 oy muddat berildi.

Ushbu muddatda moslashtirilmagan reklama obyektlari egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda oʻz kuchi bilan olib tashlanadi (aks holda bu ish sud tartibida amalga oshiriladi).

2020-yil 1-martdan boshlab Toshkent shahrida tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatning alohida tartibi joriy qilinadi.

Bunda, tashqi reklama obyektlarini yer uchastkalarida joylashtirish huquqi (“E-IJRO AUKSION” orqali) faqat yuqori texnologiyali tashqi reklama obyektlariga beriladi.

Qaror bilan tashqi reklama obyektlarini oʻrnatish taqiqlangan hududlar belgilandi. Jumladan, trotuar va piyodalar yoʻlaklarida tashqi reklama obyektlarini oʻrnatish taqiqlanadi.

Qaror bilan tashqi reklama obyektlarini qurish tartibi, qurish uchun beriladigan yer, bino va inshootlar roʻyxatini shakllantirish, qurish huquqini elektron auksion orqali berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.