Insoniyat tomonidan aniqlangan viruslar “aysberg uchidir”, dedi CGTN telekanaliga bergan intervyusida Uxan virusologiya instituti rahbari oʻrinbosari Shi Chjenli.

Foto: Nature

Olim ayol davlatlarni virusga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikka daʼvat qildi.

Olimning fikricha, bu singari tadqiqotlar shaffoflikni talab etadi, bugungi kunda ilm-fanning siyosiylashtirilgani esa gʻoyat achinarli holdir.

“Agar kelgusi infektsiya kasalliklaridan insonlar aziyat chekmasin, desak u holda yovvoyi jonivorlar tomonidan tashiladigan nomaʼlum viruslar toʻgʻrisida oldindan bilimga ega boʻlishimiz kerak. Faqat shu yoʻl bilan ularning tarqalishining oldini olish mumkin”, – dedi mutaxassis.

Shi Chjenli koʻrshapalaklar ustida oʻtkazadigan ilmiy tadqiqotlari bilan mashhur. U oʻz ish faoliyati davomida bu jonivorlar organizmida 1,5 mingga yaqin turdagi koronaviruslarni aniqlagan.

Uning aytishicha, bu infektsiyalarning bir qismi kelajakda yangi pandemiyalarga sabab boʻlishi mumkin.

“Agar ularni oʻrganmasak, yana bitta pandemiya yuz berishi ehtimoli bor”, – deya taxmin qilgan Shi Chjenli.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 5,4 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 346 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.