“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va ishchi guruh a’zolari tomonidan Buxoro viloyatida Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli Gazli siquv kompressor stansiyasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining bugungi holati o‘rganildi.

Foto: “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

O‘rganish jarayonida Boshqaruv raisi siquv kompressor stansiyasini belgilangan muddatda sifatli topshirilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar va aniq vazifalarni belgilab berdi.

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “O‘zLITIneftgaz” AJ tomonidan loyihalashtirilgan Gazli siquv kompressor stansiyasi yillik 5,0 mlrd. metr kub tabiiy gaz haydash quvvatiga ega bo‘ladi. Ushbu loyihani amalga oshirish hisobidan kunlik 2,0 mln. metr kub gaz qazib chiqarish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, Boshqaruv raisi va ishchi guruh a’zolari shu kunning o‘zida Uchqir majmuasidagi “Gazdan propan-butan aralashmasi olish qurilmasi”da ham bo‘ldi. 2020-yil sentabr oyiga qadar qurilish ishlari tugallanishi rejalashtirilgan ushbu qurilma yiliga 4,5 mlrd.metr kub gazni qayta ishlash orqali 80 ming tonna suyultirilgan gaz, 37 ming tonna kondensat ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Boshqaruv raisi cho‘l zonasida noqulay sharoit bo‘lishiga qaramasdan 10 km. masofaga gaz quvuri yotqizilib, gidravlik qarshilikni yo‘qotish yo‘li orqali tabiiy gaz qazib chiqarish maqsadida qilinayotgan ishlar holatini o‘rgandi va bu yerdagi ishchi-xodimlar mehnatini alohida e’tirof etdi.

Foto: “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati

“To‘maris” konida tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish maqsadida qilinayotgan mashaqqatli mehnat orqali kunlik tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi 500,0 ming kub metrga ko‘payishi ta’kidlandi. Ishchi guruh a’zolari ham bu yerda bajarilayotgan ishlar qisqa muddatda yuqori natija berishini ta’kidlashdi.

“Doyaxotin” va «Hojiqozgan» konlaridan qazib olinayotgan gazlarni birlamchi tayyorlash qurilmasida ham qurilish ishlari holati, ishchi-xodimlarga yaratib berilgan sharoit o‘rganildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan ushbu loyiha natijasida, gaz kollektorlarida hosil bo‘lgan gidravlik qarshilik oldi olinib, gazni yetkazib berish yaxshilanadi.