Birlashgan millatlar tashkiloti qator tashkilotga aʼzo mamlakatlarning pandemiya davrida migrantlar uchun pul joʻnatish sharoitlarini yengillashtirish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Foto: RBK

Tashkilot mehnat migrantlari uchun moliyaviy yuklamani kamaytirish va ular uchun vataniga pul joʻnatishni bepul qilish zarur deb hisoblaydi. Zero, ular tranzaktsiya uchun toʻlayotgan foizlari, ayniqsa, pandemiya sharoitida ogʻirlik qiladi.

BMT pul oʻtkazmalari hajmining kamayishi qashshoq davlatlar iqtisodyotiga katta taʼsir koʻrsatishidan xavotir olmoqda. Ular shundoq ham pandemiyadan zarar koʻrmoqda.

BMTning Investitsiyalar va rivojlanish jamgʻarmasi ijrochi kotibi Judit Karl koronavirus pandemiyasi tufayli koʻplab migrantlar ishsiz qolganini taʼkidlagan. Ishlayotgan migrantlar esa uylariga pul joʻnatishga qiynalmoqda, chunki karantin cheklovlari natijasida aksariyat xizmatlar toʻliq faoliyat yuritmayapti. U hozir mehnat bozoriga taʼsir oʻtkazish qiyin, lekin pul oʻtkazish sharoitlarini yaxshilasa boʻladi deb hisoblaydi.

Avvaliga ushbu tashabbus Britaniya va Shveytsariyadan chiqdi, keyin uni xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon banki va BMT tarkibidagi bir qator muassasalar qoʻllab-quvvatladi. Asosiy maqsad – rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy oqim yoʻlidagi toʻsiqlarni olib tashlash.