Yevropa mamlakatlari sayyohlarni qabul qilishga tayyorlanmoqda, deb xabar beradi Euronews.

Foto: Kazinform

Masalan, Ispaniyadagi epidemiologik vaziyat 8 iyundan boshlanuvchi haftada futbol bo‘yicha milliy chempionatni boshlash, yozda esa chet ellik sayyohlarni qabul qilish imkoniyatini beradi. Bu haqda Bosh vazir Pedro Sanches e’lon qildi.

La Liga rahbariyati yaqin kunlarda mart oyidagi pandemiya tufayli to‘xtatilgan o‘yinlar jadvalini kelishib olishni rejalashtirmoqda. Bosh vazir restoran, mehmonxonalar va plyajlarni sayyohlik mavsumining ochilishiga tayyorlashga chaqirgan.

“Ispaniya har yili 80 milliondan ortiq mehmonni qabul qiladi. Men iyul’ oyidan boshlab chet ellik sayyohlar mamlakatga xavfsiz kelishlari mumkinligini e’lon qilaman. Chet ellik sayyohlar bizning mamlakatda ta’til o‘tkazishni rejalashtirishlari mumkin”, – dedi u.

Italiya 3 iyun’dan boshlab rasmiy ravishda Yevropa Ittifoqidan sayyohlarni qabul qilishga tayyor. Mamlakatda muzeylar ishlay boshladi. Payshanba kuni “Kolizey” ochiladi, undan keyin Florensiyadagi “Uffizi” galereyasi ochiladi. 1 iyun’dan boshlab chiptalarini bron qilganlar Vatikan muzeylariga tashrif buyurishlari mumkin.

Gretsiya ham sayyohlar oqimiga tayyorlanmoqda. Endi epidemiologik sharoitlari yaxshi bo‘lgan mamlakatlardan sayyohlar bu mamlakatga koronavirus sinovlari va karantinsiz kelishlari mumkin.

Xorvatiya hukumati sayyohlar uchun chegarani 15 iyun’dan keyin ochadi.

Fransiya hukumati ichki turizmning ahamiyatini ta’kidlamoqda. Bosh vazir Eduard Filipp kelasi hafta turizm sohasidagi rejalarni taqdim etishga va’da berdi.

Germaniyada karantin choralari asta-sekin yengillashmoqda. Kansler Angela Merkel mamlakat fuqarolarini o‘ta ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga chaqirdi.

Yevropada 2 milliondan ortiq koronavirus infeksiyasini yuqtirish hollari qayd etilgan va taxminan 170 ming kishi vafot etgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda bu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 5,5 millionga yaqinlashgan.