Madaniyat vazirligining ma’lum qilishicha, 20-21 may kunlari Minsk shahrida MDH Ijroiya qo‘mitasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar madaniy merosining virtual merosi to‘g‘risidagi Nizom loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati

Uchrashuv videokonferens aloqa rejimida bo‘lib o‘tgan.

Majlisda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston va MDH Ijroiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etishgan.

O‘zaro muloqot davomida ekspertlarning taklifi asosida MDH mamlakatlari virtual madaniy merosi muzeyi konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni Virtual muzey loyihasi bo‘yicha ishlarni dastlabki uch yil ichida amalga oshirishga tayyorligini bildirib, MDH Ijroiya qo‘mitasining Internet tarmog‘idagi MDHga a’zo davlatlar muzeylari manbalari katalogini o‘z veb-resurslarida sahifa (bo‘lim) sifatida yaratishni taklif qildi.

Virtual muzeyni yaratish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga tegishli. Loyihaning maqsadi – madaniy merosning eng qiziqarli ob’ektlari yagona portalida namoyish etiladigan Internetdagi yagona virtual muzeyda MDHga a’zo davlatlar madaniy merosini birlashtirish.

Muzey ob’ektlari virtual panoramalar (3D panoramalar, dumaloq panoramalar, 360 darajali foto panoramalar) madaniy meros ob’ektlari tasvirlari, individual eksponatlar, ko‘rgazma stendlaridan iborat bo‘ladi.

Ma’lumotlar animasion obyektlar, ovoz, multimedia elementlarini o‘z ichiga olgan virtual tur shaklida taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Virtual muzey fondi MDH mamlakatlari muzeylarida saqlanadigan eng qimmatbaho manbalar, me’moriy yodgorliklar, tabiiy yodgorliklar, arxeologik topilmalar asosida shakllantiriladi.