Davlatimiz Rahbarining o’tgan yil 17-18 oktabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi.

Foto: Google

Ta’lim muassasasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim maskani bo‘lib, o‘rta maxsus diniy ma’lumotli islom shariati va hadis ilmlari mutaxassisi, imom-xatiblar tayyorlanadi.

Mazkur ta’lim muassasasiga 2020-2021 o‘quv yili uchun abiturientlar qabul imtihonlari asosida o‘qishga qabul qilinadi. Abiturientlardan hujjat qabul qilish 2020-yilning 15-iyundan boshlab onlayn shaklda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Ta’lim muassasasiga umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasasini tugatganligi haqida hujjat (diplom)ga ega bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi.

Kirish imtihonlari o‘tkazishning tasdiqlangan tartibi va qabul jarayonlariga oid ma’lumotlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz sayti va boshqa ijtimoiy tarmoqlar sahifalari orqali berib boriladi, deyiladi O’zbekiston musulmonlari idorasi xabarda.