O‘zbekistonda koronavirusdan o‘lim holatlari asosan o‘rta yoshli va yoshlar orasida qayd qilingan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Foto: Dunyo

“Chet elda asosan katta yoshli insonlarda o‘lim ko‘prq qayd qilinayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida ham o‘lim qayd etildi. Bizda yoshi katta odamlarning o‘lim holati kam qayd etilgan. O‘lim asosan o‘rta yoshli va yosh odamlarda qayd qilingan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, odamlarimiz, kasallikning klinik belgilarga bee’tibor bo‘lishgan. Ular kasallik ancha o‘tib ketgan, asorat kuchayib, juda jiddiy reanimasion va intensiv muolajaga muhtoj bo‘lganda murojaat qilishgan.

Kasallikning dastlabki bosqichlarida murojaat qilganlarning barchasi muvaffaqiyatli davolanmoqda. Klinik belgilar ancha og‘ir kechayotganda bemorlar murojaat qilganda esa, imkoniyatlar cheklanadi. Tibbiyot qanchalik kuchli bo‘lishidan qat’iy nazar, bunday bemorlarga yordam qilishga ojiz bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun kasallikning dastlabki belgilarini sezgandayoq shifokorlarga murojaat qilish lozim”, – deya gapirib o‘tgan Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda shu kungacha 3180 nafar odam koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani aniqlangan. Shundan 2586 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 13 nafari vafot etgan. Shifoxonalarda 581 nafar bemor davolanmoqda.