Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Foto: Davlat bojxona qo’mitasi axborot xizmati

Tadbir davomida Namangan shaxri Lola daxasi xududida karantin munosabati bilan tashkil etilgan blok postda I.B. ga tegishli bo‘lgan “Damas” avtomashina belgilangan tartibda, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, avtomashina salonida xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan, jami 12 million so‘mlik 2400 dona cho‘g‘lanma lampochkalar borligi aniqlangan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-oktabrdagi “Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 299-sonli qaroriga ko‘ra, elektr cho‘g‘lanma lampalarni 2016-yil 1-iyuldan erkin muomalaga chiqarish va 2017-yil 1-yanvardan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinishi taqiqlangan.