Foto: IIBB matbuot xizmati

Toshkent shahar IIBBning ma`lum qilishicha, hozirgi vaqtda ushbu fakt bo`yicha Mirobod tumani IIO FMB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Toshkent shahar IIBB migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati ma`lumotlariga ko`ra, Geno Djordjo sayyoh sifatida Toshkentga joriy yilning 9-fevral kuni etib kelgan va 10-fevral kuni onlayn-xizmatlar orqali Italiya Elchixonasi vakili orqali Mirobod tumanida 30 kunga ijaraga olgan xonadonida ro`yxatdan o`tgan.

Geno Djordjo 10-fevral kunidan aloqaga chiqmagach, uning qarindoshlari Elchixonaga murojaat qilganlar. Elchixona vakillari 16-fevral kuni Geno Djordjo istiqomat qilgan xonadonga kelganlarida eshik qo`ng`irog`iga hech kim javob bermaganidan so`ng, ular xonadon egasi B.F.ni chaqirganlar. Birgalikda xonadonga kirishganida jasad topilgan.

Respublika sud tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Toshkent shahar filialining ma`lumotnomasiga ko`ra, Geno Djordjo uning jasadi topilganidan bir necha kun ilgari hayotdan ko`z yumgan. O`lim sababini aniqlash maqsadida sud tibiy ekspertiza tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotga ko`ra, Geno Djordjo Toshkent shahriga joriy yilning 9-fevral kuni Malayziyadan uchib kelgan.

So`rov davomida xonadon egasining so`zlariga ko`ra, joriy yilning 10-fevral kuni yigit unga mazasi bo`lmayotganligini aytgan, ammo shundan so`ng ular aloqaga chiqishmagan.

Qo`shnilarning aytishlaricha, ular B.F.ning xonadonida kimdir yashashini bilishmagan, chunki na shovqinni va na kimdir kirib-chiqqanini ko`rmaganlar.

Italiya fuqarosining o`limi fakti bo`yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda, deyilgan xabarda.