2020-yil 25-may soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3180 (+16) nafarni tashkil etmoqda.

Foto: Dunyo

Yangi kasallanish holatlarining 4 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida aniqlanib, ulardan 3 nafari xorijdan kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomobil haydovchilari (ulardan 2 nafari ukrainalik), 1 nafari chegara bojxona posti xodimi. 5 nafari esa Samarqand viloyatida aniqlangan.

Ularning 4 nafari kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib yuqtirgan. 1 nafari esa aholi orasidan aniqlangan. Hozirda epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda. Yana 1 nafar Toshkent viloyatida chegara bojxona posti xodimida aniqlangan. Qolgan 6 nafari Karantin markazidagi fuqarolar orasida qayd etildi.

Ayni paytda yurtimizda 2565 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aygan. Hozirda mamlakatimizda 602 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. 3 nafar bemorning ahvoli og‘ir.