Gonkong polisiyasi yakshanba kuni hududda Xitoy parlamenti tomonidan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqilishiga nisbatan norozilik bildirgan minglab namoyishchilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatgan. Ushbu xabar “South China Morning Post” gazetasi tomonidan tarqalgan.

Foto: Google

Gonkong milliy xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi Xitoy xalq vakillari kengashining juma kuni ochilgan navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritildi. Gonkong ma’muriyati rahbari Kerri Lem qonun loyihasi ko‘rib chiqilishini qo‘llab-quvvatladi va bu holat mintaqa aholisi huquq va erkinliklariga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, dedi.

Shundan so‘ng Gonkongning Kozuey-Bey tumanida bir necha ming kishi ko‘chalarga chiqqan va yuqoridagi masala muhokama etilishi fuqarolik erkinligi va “bir mamlakat – ikki tizim” tamoyilini xavf ostida qoldirishini yoqlagan.

Namoyishni bostirish uchun polisiya ogohlantirishdan keyin, mahalliy vaqt bilan 13:25 da gazdan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Gonkong uchun maxsus ishlab chiqilgan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi ushbu qonun loyihasi qo‘poruvchilik va separatistlik faoliyatini, shuningdek markaziy hukumatni ag‘darishga yo‘naltirilgan har qanday harakatlarni hamda terrorizm va tashqaridan aralashishni taqiqlashga qaratilgan.

Qayd etilishicha, markaziy hukumat Gonkong qonunchilik kengashi hududdagi siyosiy muhit nuqtai nazaridan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini mustaqil qabul qilish imkoniga ega emas, degan xulosaga kelgan. Shu bois mazkur tashabbus ko‘rib chiqish uchun Xitoy xalq vakillari kengashi ixtiyoriga havola etildi.