Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi “Vatan o‘g‘loni” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkiloti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

armiya harbiy
Foto: Sputnik

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashining:

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzurida  yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi “Vatan o‘g‘loni” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkilotini tuzish;

“Vatan o‘g‘loni” tashkiloti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi “Vatan o‘g‘loni” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkilotini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Vatan o‘g‘loni” tashkilotining ta’sischisi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasining “Vatan o‘g‘loni” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik tashkiloti o‘z maqomiga, xodimlar (harbiy xizmatchilar) mehnatiga haq to‘lash (pul ta’minoti) shartlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatining mustaqil bo‘limiga tenglashtiriladi;

“Vatan o‘g‘loni” tashkilotining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari Mudofaa vazirligi qo‘shinlari xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida tashkil etiladi;

“Vatan o‘g‘loni” tashkilotining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari “Vatan o‘g‘loni” tashkiloti yetakchisi hisoblanadi;

“Vatan o‘g‘loni” tashkiloti va uning hududiy bo‘limlarining moddiy-texnik ta’minoti Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

“Vatan o‘g‘loni” tashkiloti xodimlari mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari xodimlariga tenglashtiriladi.

Quyidagilar “Vatan o‘g‘loni” tashkilotining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirish;
  • o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik, bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar va qonunlarimizga nisbatan yuksak hurmat ruhida tarbiyalash, ularda mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish bo‘yicha burch tuyg‘usini shakllantirish;
  • takomillashayotgan, bilimdon, raqobatbardosh, yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan, mustahkam axloqiy negizga ega, o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashuvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lgan bolalar va o‘smirlar shaxsini har tomonlama rivojlantirish va takomillashtirish;
  • erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, jamiyatda munosib mavqeini egallash qobiliyatiga ega, mustaqil qaror qabul qilishga qodir, mamlakatning, xalqi va o‘z oilasining farovonligi va rivojini yuksaltirish orzusida bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
  • yoshlarni, ayniqsa uyushmagan yoshlarni turli xavfli g‘oyalar ta’siridan va tashqaridan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan salbiy ta’sirlardan saqlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik profilaktikasi bo‘yicha ishlarni olib borish, ularni sodir etilishini oldini olishda ko‘mak berish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tash va unga tayyorlash bo‘yicha ijobiy motivatsiyani shakllantirish;
  • yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash uchun qo‘shimcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan majmuaviy chora-tadbirlardan iborat bo‘lgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;
  • yoshlarni tarbiyalash va ularning bandligini ta’minlash ishlariga zamonaviy usullar va maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishlarini tatbiq etish.