Rossiya olimlari koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun dori ishlab chiqib, uni sinovdan oʻtkazishdi. Bu haqda Vesti xabar qilmoqda.

Foto: Vesti

“Avifavir” deb nomlangan dorining birinchi partiyasi kasalxonalarga joʻnatilgan va u oʻzining samaradorligini koʻrsatgan.

Taʼkidlanishicha, ushbu dori tavsiya qilingan COVID-19 bemorlari ikki marta tezroq tuzalib ketgan.

“Ushbu dori kasallik yengil darajada kechayotgan vaqtda “tutgan” bemorlarimizda juda samarali. Pnevmaniya alomatlari va oʻlchami kichrayib, ortga qaytadi”, – deydi Rossiya prezidenti ishlari boshqarmasi Markaziy klinik shifoxonasining kardiologi Nikita Lomakin.

Davolanib chiqqan bemor Olga Sorokina oʻz kechinmalari bilan oʻrtoqlashgan. U ushbu dori tayinlangan birinchi bemorlardan biri boʻlgan.

Ayol 40 daraja harorat va oʻpka yalligʻlanishi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Uning soʻzlariga koʻra, unga birinchi kundan “Avifavir” berishni boshlashgan, uchinchi kuniyoq u oʻzini yaxshi his qila boshlagan.

Ushbu dorini ichganlarning beshinchi kuni COVID-19’ga topshirgan testi manfiy chiqqan. Dorining klinik tadqiqotlari ikki haftadan soʻng yakunlanishi aytilmoqda.

Shu tariqa, Rossiya dunyoda COVID-19’ga qarshi samarali dori ishlab chiqargan uch davlatdan biri boʻladi. Bugungi kunga qadar Yaponiya (“Favipiravir” dorisi, ammo uni topish qiyin) va AQSh (“Remdizivir”, dori kasallik davomiyligini 15 kundan 11 kunga kamaytiradi) samarali dori ishlab chiqargan edi.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 5,3 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 342 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.