Pokiston hukumati Karachidagi aviahalokat bo‘yicha tergovni tarkibida fransiyalik va germaniyalik Airbus mutaxassislari bo‘lgan maxsus komissiyaga topshirdi. 

Foto: EPA

Aviasiya vaziri Gʻulom Sarvar Xon sud jarayoni shaffof bo‘lishini va uch oy ichida yakunlanishini va’da qilmoqda.

Samolyot qulagan hududda yashovchi aholi vakillari uylariga qaytib, o‘sha kungi qulash voqeasini va undan qanday qilib qochib ketganliklarini eslaydilar: “Hammayoqni qop-qora tutun qoplagandi. Bu to‘satdan sodir bo‘ldi. Qancha vaqt yashirinib turganimizni bilmayman. Biz qutqaruvchilarni kutardik. 40-50 daqiqadan so‘ng ular kelib bizni qutqardilar. Qo‘rqinchli edi”.

“Pakiston xalqaro havo yo‘llari”ga tegishli Airbus A320 Lahordan Karachiga ichki reysni amalga oshirgan. Layner aeroportga yaqinlashayotganda turar-joy binolari ustiga qulagan. 

Rasmiy manbalar 97 yo‘lovchi va ekipaj halok bo‘lganini tasdiqladi, ikki nafar kishi tirik qoldi. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot qulagan hududdan to‘rt kishi jarohat olgan. Aviakompaniya halokat oldidan uchuvchi dvigatellar bilan bog‘liq muammolar haqida xabar berganligini tasdiqladi. Yana bir versiyaga ko‘ra, falokat sababi qushlar bilan to‘qnashuv bo‘lishi mumkin.