Avstraliyada del’finlar odamlarni sog‘indi. Delfinlardan biri e’tiborni jalb qilish maqsadida hatto sovg‘alar keltira boshladi, deb yozadi Metro.

Foto: Ekologuz

Kvinslend shtatida Tin-Kan buxtasi yaqinida kafe bo‘lib, u yerga yettita delfin suzib keladi. Volontyorlarning aytishicha, Mistik laqabli del’fin har suzib kelganida o‘zi bilan nimadir olib kelmoqda. Oldin ham u shunday qilardi, biroq keyingi paytlarda bu holat tez-tez takrorlanmoqda.

Delfin burni ustiga chig‘anoqlar, marjonlar, butilkalar, yog‘och bo‘laklarini qo‘ndirib, suzib kelmoqda. Kafeda endi bunday sovg‘alarning kolleksiyasi mavjud.

Volontyorlarning qayd etishicha, Mistikni bunday qilishga hech kim o‘rgatmagan. Ularning fikricha, del’fin shu tariqa odamlarni sog‘inayotganini ko‘rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Mistik shu alfozda suvni chiqindilardan tozalashga urinayotgani ham taxmin qilinmoqda.