Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vazirligi sanksiya kiritilgan tuzilmalar ro’yxatiga Xitoy Xalq Respublikasining 33 tashkilotini qo‘shib qo‘ydi. Ushbu korxonalarning 9 tasiga inson huquqlarini buzish, 24 tasiga esa AQSh milliy xavfsizligiga tahdid solish aybi qo‘yilgan. Bu haqda idoraning rasmiy saytida ma’lum qilingan.

Foto: Sputnik

Vazirlik tushuntirish berishicha, mazkur kompaniya va tashkilotlarga endi Amerika texnologiyalaridan foydalanish, Amerika mahsulotlarini idoraning alohida ruxsatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki vositachilar orqali import qilish man etiladi.

“Bu 9 ta tashkilot Xitoy tomonidan amalga oshirilgan repressiv kampaniya davomida inson huquqlarini buzish va suiiste’mol qilish, shuningdek o‘zboshimchalik bilan ommaviy hibsga olish, majburiy mehnat va Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidagi uyg‘urlar, etnik qozoqlar va boshqa kam sonli musulmon guruhlarini ta’qib qilishda ishtirok etgan”, — deyiladi bayonotda.

Sanksiyaviy ro‘yxatga XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi huzuridagi sud ekspertizasi instituti va yana sakkizta kompaniya kiritilgan. Xabarda boshqa tuzilmalar nomma-nom keltirilmagan.

Qolgan “24 ta davlat va tijorat korxonalari Qo‘shma Shtatlarning milliy xavfsizligi yoki tashqi siyosati manfaatlariga zid keladigan harakatlarda ishtirok etganligi uchun mazkur ro‘yxatga qo‘shilgani“ ta’kidlangan.

Bu yerda gap Xitoy, Gonkong va Kayman orollarida joylashgan korxonalar haqida boryapti. Mazkur tuzilmalar “Beijing Cloudmind Technology Co”, Pekin elektron hisoblash fanlari markazi, “Beijing Jincheng Huanyu Electronics” singari yuqori texnologiyalar va tadqiqot markazlaridir.

G‘arb mamlakatlari va turli gumanitar tashkilotlar Xitoy hukumatini Shinjondagi musulmon aholiga nisbatan olib borilayotgan siyosat uchun tez-tez tanqid qilib turadi. Bunga rasmiy Pekin “qayta tarbiyalash markazlarida“ uyg‘urlar yaxshi ish topish va radikal fundamentalizm ta’siriga tushib qolmaslik uchun zarur bo‘ladigan ko‘nikmalarni olishadi, deya javob qaytaradi.

2018-yil avgust oyi oxirlarida BMTning Irqiy kamsitishlarni tugatish qo‘mitasi ekspertlari tomonidan tayyorlangan hisobot-ma’ruzada qariyb 1 millionga yaqin etnik uyg‘urlar Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumanidagi “qayta tarbiyalash lagerlarida“ bo‘lishi mumkinligi bildirilgan. Ushbu ma’lumotga javoban, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi uyg‘urlarning “qayta tarbiyalash lagerlarida“ saqlanayotgani isbotlanmagani va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan.