Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻani “Tolibon” harakatining Ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan 3 kun oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorini olqishladi. Tegishli bayonot davlat rahbarining Twitter sahifasiga joylangan.

Foto: Sputnik

“Men “Tolibon”ning oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi qarorini olqishlayman.  Bosh qoʻmondon sifatida, men Afgʻoniston Qurolli kuchlariga uch kunlik yarashuvga rioya qilishni va hujum qilingan taqdirdagina himoyalanishni buyurdim”, – deya yozgan Gʻani.

Shuningdek, u batafsil maʼlumot yakshanba kuni soʻzlaydigan nutqida eʼlon qilinishini qoʻshimcha qilgan.

Avvalroq, Tolo News telekanali toliblarning bayonotiga tayangan holda ular Ramazon hayiti nishonlanishi munosabati bilan 3 kunga oʻt ochishni toʻxtatishni eʼlon qilishgani haqida xabar qilgan edi.