O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ayni vaqtdagi vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Foto: Trend

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 3132 nafarga yetdi. Kuni kecha 40 nafar, kasallik qayd etilgandan buyon esa 2532 nafar, ya’ni 81 foiz ziyod yurtdoshimiz to‘liq sog‘aydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, hozirda mamlakat shifoxonalarida 587 bemor koronavirusdan davolanmoqda, 4 nafarining ahvoli og‘ir.

44 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Ularning 18 mingdan ziyodi stasionar sharoitda karantinga joylashtirilgan. Olib borilayotgan juda katta ishlar samarasi o‘laroq vaziyat bir muncha barqaror ushlab turilibdi. Lekin, ming afsuski, kasallik aholi orasida ham qayd etilyapti. Atrofimizda kasallanganlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Hurmatli yurtdoshlar!

Vaziyat nechog‘lik jiddiyligini hali ko‘pchilik anglab yetmayapti. Hanuzgacha ko‘chada guruh-guruh bo‘lib to‘planishlar, doka niqoblardan xo‘jako‘rsinga foydalanish: iyagiga yoki bo‘yniga ilib yurish, berilgan tavsiyalarning teskarisini qilish holatlari uchrab turibdi. Vaziyatga bu kabi panja orasidan qaraydigan bo‘lsak, epidemiologik muhitni yana keskinlashtirib yuborishimiz hech gap emas. Oqibatda karantin tadbirlari yanada murakkablashishi mumkin, dedi Nurmat Otabekov.