Oʻzbekistonda Soliqlarni avtomatlashtirilgan yigʻish tizimi (SAYT) joriy etilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Google

Qayd etilishicha, ushbu loyiha 2019-yilda Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etilgan.  Hokimiyat organlari tomonidan mahalliy byudjetlarning oshirib bajarilgan qismidan 1959 dona terminal sotib olish uchun 8,4 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilgan.

SAYT dasturi orqali soliq toʻlovchiga berilgan chek odatdagidan farq qiladi. Unda soliq toʻlash toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlar, shuningdek, soliq xizmati organi xodimining maʼlumotlari mavjud boʻladi va soliq toʻlovchining mobil telefon raqamiga soliq toʻlovi amalga oshirilganligi toʻgʻrisida SMS xabar ham boradi.

“Bundan tashqari, inspektor hududidagi mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarni navigator tizimi (GPS) orqali aniqlash imkoniyati yaratilgan”, – deyilgan xabarda.

SAYT terminallarini ishlatishning keyingi bosqichida hujjatsiz faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlar, kadastri mavjud boʻlmagan obʼyektlar va ijara shartnomasi tuzmagan shaxslarning elektron roʻyxatini shakllantirib, qonuniy ishlashga oʻtishini nazorat qilish moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, SAYT tizimi respublikaning barcha hududlarida toʻliq joriy etilishi 2020 yilda mahalliy soliqlardan qoʻshimcha 285 milliard soʻm mablagʻ tushirish imkoniyatini beradi. Bu esa terminallar uchun sarflangan mablagʻlarga nisbatan 35 baravarga koʻpdir.