Twitter xodimlariga ofislarga qaytmaslik va har doim uydan ishlashga ruxsat berildi. Bu haqda TechCrunch kompaniya bosh direktori Jek Dorsiga tayanib xabar bermoqda. 

Foto: Facebook – Twitter

Unda aytilishicha, kompaniya xodimlarni markazlashtirilmagan sharoitda samarali ishlashi mumkinligini tekshirish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘ldi.

“So‘nggi bir necha oylar buni tasdiqladi. Shuning uchun, agar kimdir uydan ishlashni davom ettirmoqchi bo‘lsa, biz bunga yo‘l qo‘yamiz. Agar yo‘q bo‘lsa, bizning ofislarimiz hech qayerga ketib qolmaydi”, – deydi Jek Dorsi.

Twitter pandemiya bilan bog‘liq holda uydan ishlash modeliga o‘tgan birinchi kompaniyalardan biri. 

Avvalroq Facebook va Google ham ishchilariga yil oxiriga qadar uydan ishlash imkonini bergan edi.

Facebook rahbari Mark Sukerberg ta’kidlaganidek, ish joylariga qaytayotgan odamlarning xavfsizligini ta’minlash va koronavirusning yangi avj olish xavfini minimallashtirish uchun cheklovlarni asta-sekin olib tashlash kerak.