Giyohvand moddalarga qarshi operatsiya chog‘ida ispan politsiyasi Maurisio Vergarani hibsga oldi. U futbol bo‘yicha Kolumbiya terma jamoasining sobiq shifokori hisoblanadi.

Foto: Google

Shuningdek, u bir paytlar argentinalik futbolchi Diyego Maradonani ortiqcha vazndan davolagan, deya xabar berdi “La Sexta” telekanali.

Chorshanba kuni Ispaniya Milliy politsiyasi giyohvand moddalar savdosiga qarshi keng qamrovli operatsiya o‘tkazilganini ma’lum qildi. Ispaniya, Bolgariya, Niderlandiya va Kolumbiyada 18 kishi, jumladan, «La Sexta» telekanali xabariga ko‘ra, kolumbiyalik futbolchi, Madridning «Real» jamoasi sobiq hujumchisi Edvin Kongoni hibsga oldi. Politsiyaning fikricha, u giyohvand moddalarni ta’minlovchi va qabul qiluvchi o‘rtasida vositachi bo‘lgan. Lekin surishtiruv paytida aybini tan olmagan. Kongo Ispaniya Milliy sudida ko‘rsatma bergunga qadar ozod qilingan. Bolgariyada operatsiya chog‘ida taxminan bir tonna kokain qo‘lga tushirilgan. U meva solingan qutilarga yashiringan bo‘lib, Gretsiyaga yetkazilgan. Bundan tashqari, Niderlandiyada ham giyohvand moddalar topilgan.

«Real-Madrid»ning uy arenasi — Santyago Bernabeu o‘yingohi yaqinida joylashgan doktor Maurisio Vergaraning klinikasi giyohvandfurushlarning bazasi vazifasini o‘tagan. Politsiya jinoiy uyushma a’zolari aynan uning klinikasida uchrashganini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Shifoxonada taqiqlangan moddalarni Yevropaga yetkazib berishni muhokama qilishgan.

Maurisio Vergara avval ham giyohvand moddasi bilan savdo qilgani uchun hibsga olingan — bir necha yil muqaddam Kolumbiyaning Palmira shahar aeroportida uning yuk xaltasidan 3 kilogramm kokain chiqqan.

Vergara sudgacha hibsda saqlanadigan bo‘ldi.

Giyohvand moddalarni Kolumbiyadan Ispaniyaga jo‘natish uchun ularni yumshatilgan karton bilan aralashtirib, undan mevalarni joylash uchun quti tayyorlashgan, deyiladi Milliy politsiya xabarida. Yuk belgilangan joyga yetib borgandan so‘ng kimyoviy jarayon yordamida kokain qog‘ozdan ajratib olingan.