Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida may oyining boshida tarvuz pishgan bo‘lsa, endilikda qovun ham pishdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar qildi.

Foto: Davlat bojxona qo’mitasi axborot xizmati

Ayni kunda ta’mi tilyorar va xaridorgir qovunlar tumanning O‘tamayli hududida yetishtirilmoqda. Pishib me’yoriga kelganlari peshma-pesh iste’molchilarga yetkazilmoqda.

Dehqonlarning bildirishicha, tumanda yilning fevral  oyidanoq qovun parvarishiga kirishiladi. Bunda asosan “Jiyan”, “Torpedo”, “Aeroport” kabi eksport talabiga javob beradigan navlar tanlanadi.

Avvaliga urug‘lar maxsus idishlarga ekilib, issiqxona sharoitida o‘stirib olinadi. Bo‘yi me’yoriga yetgan ko‘chatlar keng maydonga plyonka ostiga ekib chiqiladi. Kunlar isishi bilan palaklar baravj rivojlanishi uchun nihollar usti ochiladi. Bu usulni qo‘llash orqali erta hosil olish imkoniyati oshadi.