Joriy yilning 13-may kuni soat 02:25 – 04:30 oralig‘ida Navoiy viloyatining bir qator hududlarda kuchli yog‘ingarchilik (yomg‘ir) tufayli ayrim ko‘chalar hamda dala hovlilar tomorqalarida sel suvlari to‘planishi kuzatilgan.

Foto: Navoiy viloyat hokimligi axborot xizmati

Xususan, Zarafshon shahri hamda “Duagistau” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi bir necha ko‘chalarda ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlarining (sel) kelishi natijasida ayrim turar joylariga qisman zarar yetgan.

Jumladan, sel suvlari Zarafshon shahridagi “Chorbog‘-Zarafshon” bog‘dorchilik jamiyatiga qarashli dala hovlilarida vaqtincha yashovchi aholi xonadonlari tomorqalariga kirib borgan.

Foto: Navoiy viloyat hokimligi axborot xizmati

Aholining xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu hududdagi 120 nafar fuqarolar Zarafshon shahridagi doimiy yashash uylariga o‘tkazildi. Shuningdek, shahardagi Olchazor va Mevazor ko‘chalarida kuchli sel suvlarining oqib o‘tish natijasida bitta yashash xonadoni devori qisman zarar ko‘rgan hamda ikkita xonadonning o‘rab turuvchi qo‘rg‘on devorlari yiqilgan.

Bundan tashqari yog‘ingarchilik natijasida Tomdi tumani hududidagi 4R57 avtomobil yo‘lining 407-411, 414-415 va 419-423 kilometrlari oraliqlaridagi ayrim qismlari qisman zarar ko‘rgan.

Ayni paytda hududlarda to‘plangan suvlarni ariq va shahar kanalizasiya tarmoqlariga yo‘naltirish, yetkazilgan oqibatlarini bartaraf etish hamda aholiga tegishli tushuntirish ishlarini olib borish maqsadida viloyat Favqulodda vaziyatlar hamda ichki ishlar boshqarmalari, Milliy gvardiya hamda tibbiyot xodimlari, shuningdek, zarur texnika vositalari jalb etilgan.

Zarafshon shahri va Tomdi tumanlarining yog‘ingarchilikdan zarar ko‘rgan hududlarida elektr tarmoqlari, gaz ta’minoti korxonasi hamda boshqa tegishli soha mutaxassislari tomonidan tezkor va zarur chora-tadbirlar olib borilmoqda, deyiladi Navoiy FVV axborot xizmati xabarida.