Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘zining yangi hisobotida deyarli barcha hamkor davlatlar iqtisodiyotida pasayish (ayrim istisnolar bor: O‘zbekiston, Turkmaniston, Misr) yuz berishini prognoz qilmoqda.

Foto: Google

O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 1,5 foizgacha pasayadi (2019 yilda bu ko‘rsatkich 5,6 foizni tashkil etdi). Biroq, 2021 yilda, YeTTB prognozlariga ko‘ra, eksport o‘sishi va ichki talabning o‘sishi fonida iqtisodiy o‘sish 6,5% gacha ko‘tariladi.

Yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot 4,1 foizga o‘sdi, ammo karantin choralari ta’siri kuchayishni boshlagan ikkinchi chorakda pasayishi kutilmoqda, deyiladi hisobotda.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga nisbatan tovarlar va bozorlar turlicha bo‘lishiga qaramay, eksport hajmi yilning dastlabki uch oyida (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan) 11% ga kamaydi. 2019 yilda barcha eksportlarning qariyb 50 foizi tovarlar eksportiga to‘g‘ri keldi va tovarlar eksportining yarmidan ko‘pi oltinga to‘g‘ri keldi – bu qiyin davrlarda O‘zbekiston uchun tabiiy to‘siq edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy 2019 yilda O‘zbekiston uchun asosiy bozor bo‘lgan, ammo uning umumiy eksportdagi ulushi atigi 14 foizni tashkil etgan (asosan gaz eksporti).

Xususiy sektorni kreditlashning faol o‘sishi (2019 yil dekabr oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26% o‘sishi) unchalik ham to‘g‘ri qaror emas, chunki iqtisodiy keskin inqiroz davrida biznes kreditlarni qaytarish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin. Bularning barchasi bank tizimining barqarorligiga salbiy ta’sir qiladi.

Rossiyadan pul o‘tkazmalari (O‘zbekiston YaIMning 8 foizini tashkil etadi) kamayadi, bu aholining eng zaif qatlamlariga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, turizm va mehmonxona sektori (YaIMning 6 foizini tashkil qiladi) koronavirus inqirozidan eng ko‘p zarar ko‘rgan sektorlar qatoriga kiradi.