Kadastr sohasi ham zamonaviy innovasion yechimlar joriy etilmoqda. Buning yorqin misoli – maxsus NFS texnologiyali mikrochipga ega “smart” ya’ni aqlli karta shaklidagi kadastr pasportidir. Bu haqda “Davyergeodezkadastr” qo‘mitasi ma’lum qilmoqda.

yangi kadastr guvohnoma
Foto: “Davyergeodezkadastr” qo’mitasi axborot xizmati

Yangi namunadagi kadastr pasporti quyidagi afzalliklarga ega:

  1. Barcha kadastr ma’lumotlari bir joyda yagona ma’lumotlar bazasida saqlanadi. Smart karta ichidagi ma’lumotlar onlayn ravishda bazaga ulangan holda ko‘riladi.
  2. Barcha kadastr ma’lumotlari bir joyda, tartibli, qulay shaklda, to‘liq ravishda joy oladi.
  3. Uy-joy bilan bog‘liq barcha kadastr ishlari doimiy ravishda elektron qayd etib boriladi va elektron kadastr tarixi vujudga keladi.
  4. Axborot-kommunikasiya texnologiyalari xavfsizligi yuqori saviyada tashkil qilinadi.
  5. Notarial idoralarda uy-joyni rasmiylashtirish vaqtida hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayoni sezilarli ravishda yengillashadi.
  6. Smart karta yo‘qolib qolgan yoki yaroqsiz holga kelganda, masofadan turib bloklanadi va qisqa vaqt ichida yangi kadastr pasporti taqdim etiladi.
  7. Geoportal bilan integratsiya natijasida uy-joyning geografik maydoni va chegarasi to‘g‘risida o‘ta aniq ma’lumot smart kartadan joy oladi.
  8. Maxsus mobil ilova orqali kadastr pasporti ma’lumotlarini ko‘rish imkoni yaratiladi. Buning uchun smart kartani telefonga yaqinlashtirish kifoya.
  9. Maxsus NFS texnologiyasiga ega mikrochipli smart karta keng imkoniyatlarga ega. Tez orada uy-joy bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan kommunal, soliq, ipoteka va sug‘urta xizmatlarini smart karta orqali ishlatishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.