Bugun AOKA shtabida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Xabibulla Oqilov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. 

Foto: RIA novosti

Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.

Savol: Dunyodagi ko‘p davlatlarda virusga chalinishning ikkinchi to‘lqini boshlangani haqida xabarlar tarqalyapti. Bizda ham shunday holat bo‘lishi mumkinmi?

Javob: Biz chet ellik hamkasabalarimiz bilan deyarli har kuni aloqada bo‘lib, tajriba almashib turibmiz. Hozirgi kunda ikkinchi to‘lqin haqida axborotlar yo‘q.

Xitoyning ayrim shaharlari koronavirusdan xoli deb e’lon qilingandan so‘ng yana virusga chalingan bemorlar aniqlangan. Lekin bu — ikkinchi to‘lqin emas.

Dunyo olimlari fikriga ko‘ra, koronavirusning bungacha bo‘lgan boshqa turlari kabi COVID-19 ham ikkinchi to‘lqin berishi mumkin, ammo bu jarayon, ularning fikricha, kuzning oxiri — qishning boshida bo‘lish ehtimoli bor. Lekin bu faqat taxmin.

Ikkinchi to‘lqin bo‘lsa ham, insoniyat uning kelishiga tayyorgarlik darajasi birinchi to‘lqinga nisbatan yuqoriroq bo‘lishi aniq.

Savol: Koronavirusdan yangi zararlanish holatlari oshib bormoqda. Bu karantin sharoitlari yengillatilgani bilan bog‘liqmi?

Javob: Tahlillarga ko‘ra, yangi holatlar asosan karantinga olinganlar orasida aniqlanmoqda. Qolgan aholi orasida aniqlangan holatlar foizi sezilarli darajada past.

Bu karantin tadbirlarini yengillatish bilan bog‘liq emas.