Foto: AOKA

Loyihada ommaviy axborot vositalari vakillarini ochiq sud majlislarida erkin qatnashishi va axborot olishlari, buning uchun sudlar zarur sharoit yaratishi, ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi to‘g‘risidagi ma’lumot hamma uchun ochiq bo‘lishi, yopiq sud o‘tkazilishining asoslari aniq ko‘rsatilishi kabi bir qancha demokratik me’yorlar qatnashchilar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.

Lekin, qarorning 14-bandidagi jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy ishni, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ochiq sud prosessini fototasvirga olish, audiovideoyozuvni amalga oshirishga faqat sudga raislik qiluvchi ruxsati bilan yo‘l qo‘yilishi, OAV vakillari esa stenogramma va yozma qaydlarni olib borish bilan kifoyalanishi masalasida Agentlik o‘zining tegishli taklif va mulohazalarini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, jurnalist sud prosessi bilan hamohang tarzda yozma qaydlarni amalga oshirishga ulgurmasligi oqibatida ma’lumotlarni to‘liq yozib olmay noto‘g‘ri xabar tarqatib qo‘yishi mumkinligi, audioyozuv yordamida material tayyorlash oson va qulay bo‘lishi sababli ochiq sud prosessida (fuqarolik ishlari istisno) audioyozuvni amalga oshirishiga erkinlik berish kerakligi bayon qilindi.

Muloqot davomida Agentlik tomonidan Rossiya, Belarus va boshqa xorijiy davlatlarda yuqorida ta’kidlangan masalalar qonun hujjati bilan tartibga solingani bildirilib, sudlarning oshkoraligini ta’minlashda navbatdagi qadam sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan oshkoralikni maqsad qilgan qonun loyihasi tayyorlanishi taklifi ilgari surildi.

Yig‘ilish so‘ngida asoslantirilgan taklif va e’tirozlar inobatga olingan holda «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi Plenum qarori loyihasi asos sifatida qabul qilindi, deyiladi xabarda.