Ma’lumki, karantin sharoitda ko‘plab ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Ammo tibbiy-gigiyenik vositalarga bo‘lgan talab keskin ortib ketishi natijasida ushbu soha vakillari ishi ikki barobar ortib ketdi.

Foto: Google

O‘zbekistonda ham mazkur holatdan kelib chiqib, birinchi navbatdagi zarur tibbiy vositalarni ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida ahamiyat qaratildi.

Zomin tumanidagi “Zominfarm” erkin iqtisodiy zonasi hududida loyiha qiymati 31 milliard 248 million so‘m bo‘lgan tibbiy qo‘lqop ishlab chiqaruvchi korxonaning qurilish ishlari ham ayni vaj sabab jaddalashib ketdi. Bu yerda qurilish ishlari karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda olib borilmoqda. Loyiha tashabbuskori “Highland Pharm” MChJ bo‘lib, ikkinchi yarim yillikda ishga tushadigan korxonada 30 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Koronavirus Zafarobod tumanidagi “Fruit life” va “Bunyod dur tex” tekstil’ korxonalari faoliyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Faqat aksincha, bu yerda ishlab chiqarish jarayoni biroz sustlashdi. Karantin davrida ularning faoliyati qisman to‘xtadi.

Pandemiya tarqalishining pasayishi kuzatilayotgan shu kunlarda ishchi-xodimlar ish jarayoniga to‘liq qaytdi. Ishlar karantin talablari asosida qayta tiklandi. Ayni kunlarda tikuvchilik korxonasining mavjud 80 nafar ishchisi doimiy faoliyatini davom ettirmoqda.

Ta’kidlash lozim, o‘tgan yildan boshlab mahsulot eksportini yo‘lga qo‘ygan korxona karantin ta’siriga tushishiga qarmay, ehtiyojmand oilalarga o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlardan xayriya qildi.