Dunyoda koronavirusga qarshi dori kuzga kelib paydo boʻlishi aytilmoqda. Bu haqda “Izvestiya” nashriga bergan intervyusida virusolog, MFTIning genom injeneriyasi laboratoriyasi rahbari Pavel Volchkov maʼlum qilgan.

Foto: O’zA

Olimning soʻzlariga koʻra, gap Regeneron Pharmaceuticals olimlari tomonidan ishlab chiqilayotgan preparat haqida bormoqda. Uning yaratilishi antitanachalarni sunʼiy yoʻl orqali qoʻshish orqali immunitetga kasallikka qarshi kurashishda yordam berishga asoslangan.

Aytilishicha, dori vositasi kuzga kelib ishlab chiqarila boshlaydi. Volchkovning soʻzlariga koʻra, ayni vaqtda koronavirusni samarali yoʻq qila oladigan birorta dori vositasi mavjud emas.

Boshqa viruslarga qarshi ishlab chiqarilgan preparatlar SARS-CoV-2ga qarshi samarasiz ekanligi aniqlandi, ular davolash oʻrniga koʻproq “salbiy taʼsir” koʻrsatar edi.

Ma’lumot uchun, yangi koronavirus kasalligining kelib chiqishi 2019 yil oxirida Markaziy Xitoyda qayd etildi, keyinchalik u 180 dan ortiq mamlakatlarga tarqaldi va Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya sifatida tan olindi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 4 milliondan ortiq odam ushbu infeksiyani yuqtirib olgan, 280 mingdan ortiq o’lim qayd etilgan.