Hamshiralar tibbiyotning eng oldingi bo‘g‘inida yuradigan, bemorni shifokordan-da birinchi bo‘lib qarshi oladigan, ular bilan doimo yuzma-yuz muloqot qiladigan mutaxassislardir. Shu uchun bo‘lsa kerak, hamshiralarning bilimi, salohiyati ko‘pchilikda tibbiyotning bugungi holati haqida dastlabki tasavvurni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Foto: SSV axborot xizmati

Albatta, bugun butun dunyodagi pandemiya davrida mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalarida faol ish olib borayotgan uch yuz ming nafardan ziyod fidoyi hamshiralarimizning har biri bunday yuksak mas’uliyatni teran his etib, mehnat qilayotgani hammamizni quvontiradi.

Ana shunday o‘z ishida ham, oila va jamiyatda ham faol va tashabbuskor hamshiralarimizga qancha ehtirom ko‘rsatsak arziydi. Ayni paytda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi qahramonlarcha kurashayotgan 50 ming nafardan ziyod hamshiralar faoliyati alohida tahsinga loyiq.

Ushbu xabarda surati e’tiboringizga havola etilgan ana shunday fidoyi hamshiralardan biri — Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi xodimi Fotima Xusanovadir. Ko‘p yillik tajribaga ega hamshira o‘tgan bir oy ichida 43 nafar koronavirusga chalingan bemorni butunlay sog‘ayishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi.

Fotimaning yuzida yangidan hosil bo‘lgan chandiqlar ham o‘z kombinezonini yechmasdan, hayoti va sog‘lig‘ini garovga qo‘yib, kunni tunga ulab, qilgan mashaqqatli va matonatli mehnatining natijasidir.

Shunday olijanob kasb tanlaganimdan faxrlanaman, bu qiyinchilik, sinovlar ortda qolayapti, lekin hamkasblarim bilan qisqa vaqt ichida koronavirusga chalingan o‘nlab bemorlarning sog‘ayishi, ularning o‘zi va oilalarining quvonchiga sabab bo‘layapmiz, biz uchun odamlarimizning sog‘lom va xushkayfiyatda yurishidan-da ortiq baxt yo‘q“, — deydi Fotima Husanova.

12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan Fotima kabi jasoratli hamshiralarimizni ushbu sana bilan samimiy tabriklab, ularga oilaviy baxt, sihat-salomatlik, mashaqqatli ishlariga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.